Quturish yuqumli kasalliklar davolash uchun
Quturish oʼtkir yuqumli kasallik boʼlib, markaziy nerv tizimining ogʼir shikastlanishi (entsefelomielit)dan iborat va oxiri oʼlim bilan tugaydi.
Kasallik it qopganda quturgan hayvonning soʼlagi shikastlangan teriga yoki koʼz, burun, lablarning shilliq pardasiga tushganda yuqadi.
Kuturish hayvonotga tegishli kasallik. Kasal goʼshtxoʼr yovvoyi va uy hayvonlari: tulki, boʼri, yantoq, shoqol, it, mushuk shu yuqumli kasallikning asosiy manbalari va eltuvchilari hisoblanadi. Odamdan odamga quturish kasalligi yuqmaydi. Bu muhim! Eng yangi maʼlumotlar boʼyicha dunyoda quturish bilan ogʼrigan 5 odamgina tuzalib ketgan. Kuturishning yagona muolaja vositasi vaktsinatsiya boʼlib, hayvon qopgandan keyin koʼpi bilan 14 kun ichida emlatish shart.
Kasallikning yashirin (inkubatsion) davri 15 kundan 2 oygacha boʼlib, baʼzan yarim yil va undan koʼproqqa ham choʼzilishi mumkin. Boshlangʼich (prodormal) davr 1-3 kungina davom etadi. Аvj olish davri 2-3 kun. Falajlik davri 1-3 kun. belgilari
Inkubatsion davri:
• kasal hayvonning qopishi yoki uning soʼlagining shikastlangan teriga tushishi.
• kasal hayvonning taqdiri haqidagi maʼlumot katta tashxis uchun ahamiyatga ega: oʼlganmi, yashiringanmi, veterinar nazoratida turgani shular aniqlanadi.
Boshlangʼich davri • umumiy sirqovlanish; • haroratning 38°S gacha koʼtarilishi; • uyquning qochishi; • qopgan joyda ogʼriq, jarohat shishadi, qizaradi.
Аvj olish davri:
• suvdan qoʼrqish, suv va ovqatni koʼrgan hamon halqum mushaklarining qisilib qolishi, hatto bir piyola suvni ham icholmaslik;
• umumiy bezgak, bunga yorqin nur, shovqin, teginish, havoning salgina yurishi sabab boʼlishi mumkin;
• koʼp soʼlak oqishi, ayrim bemorlar ogʼzining bir chekkasidan uzluksiz soʼlak oqib turadi;
• qattiq bezovtalik bemor notinch, tajovuzkor boʼladi, toʼshakdan sakrab turib ketadi, qichqiradi.
Falajlik davri:
•tinchlanish; • harorat 40°S dan ortadi; • qoʼl va oyoqlar falajlanadi; • oxiri yurak va nafas faoliyati toʼxtaydi.
Shifokorga qachon murojaat qilish kerak?
Shubhali yoki nomaʼlum hayvon qopganda jarohatga ishlov berish va vaktsinatsiya qildirish uchun zudlik bilan shifokorga murojaat qilish zarur. Kuturish alomatlari zohir boʼlganda (suvdan qoʼrqish, tomir tortish va hokazo) tezlik bilan kasalxonaga yotqizish lozim.
ShIFOKOR KOʼRSАTMАLАRI Tekshiruv
Tashxis kasallikning klinik zuhurlari asosida qoʼyiladi. Tashxisni laboratoriya usuli bilan tasdiqlash qiyin, ammo quyidagi hollarda ilojini topsa boʼladi;
• soʼlakdan yoki orqa miya suyuqligidan quturish virusini ajratib olish;
• kuturtiruvchi virus antigenini koʼz muguz pardasidan olingan izlarda yoki teri bioptatlarida aniqlash mumkin.
Muolaja
Kuturish tashxisini belgilashda bemor kasalxonaning yukumli kasalliklar boʼlimiga yotqizilishi kerak. Hozirgi vaqtda quturish virusiga qarshi samarador dori vositalari topilganicha yoʼq, bu koʼp hollarda bemor hayotini saqlab qolishni haddan tashqari qiyinlashtirib yuboradi. Yashirin (inkubatsion) davrda qilingan vaktsinatsiyagina quturishni davolashning yagona vositasidir.
Bordi-yu, kasallik avj olib ketgan boʼlsa, muolaja davrida qiynoqni yengillashtirish uchun simptomatik vositalarni
qoʼllashga toʼgʼri keladi. Barcha tashqi taassurotlar (shovqin, yorqin nur, silkinish, suvning shildiragan ovozi) yoʼqotilib, bemor uchun toʼla tinch sharoit yaratiladi. Uxlatadigan, tomir tortishishiga qarshi, ogʼriq bosuvchi kabi dorilar bilan jiddiy muolaja qilinadi.
Profilaktika
Kuturgan deb gumon qilingan hayvon qopgan yo tishlaganda qonni toʼxtatishga shoshilmaslik kerak, chunki oqayotgan qon jarohatdan hayvon soʼlagining chiqib ketishiga imkon beradi.
Bir necha marta qopilgan (tishlangan) joy atrofidagi teriga dezinfektsiya eritmasi bilan ishlov berish, aseptik bogʼich bogʼlash va imkoni boricha vaktsinatsiya qildirish uchun jabrdiydani muolaja muassasasiga tezroq olib borish kerak. Vaktsinatsiya antirabik zardob va koʼrsatkichlar boʼyicha, antirabik immunoglobulin bilan ukol qilishdan iborat.
Shuni bilmoq kerakki, agar emlash hayvon qopgan (tishlagan) yoki quturgan hayvon soʼlagi tekkan damdan 14 kun oʼtmay boshlansa va qatʼiy belgilangan yuqori immunli vaktsinatsiya qoidalari boʼyicha oʼtkazilsagina samarali boʼladi.