YALLIG`LANGAN MILKNI DAVOLAYMIZ!

YALLIG`LANGAN MILKNI DAVOLAYMIZ!

YALLIG`LANGAN MILKNI DAVOLAYMIZ! Ko`pchilik tish yuvayotgan paytda milklarining qonashiga uncha ahamiyat bermaydi. Vaholanki, aynan shu holatdan keyin og`zidan hid kelishidan tortib tish bo`shab qolishi va tushishigacha bo`lgan asoratlar yuz beradi. Bugungi mavzumiz aynan shu muammoga tegishli.

Milk qonashi va bo`shab qolishining sabablari hamda davolash haqida shifokor-stomatolog Shuhrat ERNAZAROV ma`lumot beradi.

SABABLARI AYoNMI?

Milk qonashining sabablari bisyor. Eng ko`p tarqalgani – tish cho`tkasining ta`sirida kelib chiqishidir. Usti chiroyli ammo tuklari qo`pol chyotkada milklar, albatta, aziyat ko`radi. Bu davomiy bo`lsa, milk qonashi va bo`shab qolishi kabi asoratlarni kutavering. Tish cho`tkasini tanlashda stomatolog maslahatiga tayanish kerak. Cho`tkaning tuklari yumshoq, o`zi uncha yirik va katta bo`lmasligi maqsadga muvofiq. Tish ustida tosh paydo bo`ldimi, milkda muammo yuzaga kelishini ham inobatga olish kerak. Bundan tashqari, gormonal buzilishlar – o`smirlar, homiladorlar va yangi tuqqan ayollarda ham milk qonashi ko`p kuzatiladi. Bu erda nafaqat stomatolog, balki endokrinolog yordami kerak bo`ladi.

VITAMIN ETIShMASLIGI BO`LMASIN

Organizmda A va S vitamini etishmasligi ham tish va milklardagi muammoga olib keladi. Buning oldini olish uchun sariq va yashil rangdagi meva va sabzavotlarni xomligicha iste`mol qiling.

QANDLI DIABET. NAHOTKI?!

Ba`zan milk qonashi qandli diabet boshlanishining ilk belgisi hisoblanadi. Agar stomatologdagi davo kor qilmasa, albatta endokrinolog tekshiruvidan o`ting.

SINAB KO`RING

Eman po`stlog`i yoki moychechak damlamasida kuniga ikki mahal ertalab va kechqurun og`izni chayish kerak. Bu usul tishdagi tosh kasalida yordam qiladi va milklardagi qonni tez va samarali to`xtatadi.
Maxsus gel va milk uchun tindirmalarda og`iz bo`shlig`ini har soatda chayishni kanda qilmang.
Maxsus gimnastika yordamida milklarni mustahkamlashga ham diqqat qarating. Bu usul milkda qon aylanishining yaxshilanishiga yordam beradi. Og`izni katta ochib-yopasiz. Tilni tanglayga tegizib, uni ortga suring, shu holatda og`izni yana ochib-yoping. Qo`llarni stolga quyib iyakni unga tirang. Shu holatda og`iz ochib-yopiladi. Tishlarni tozalagach, og`izga iliq qaynatilgan suv olib, 3 daqiqa davomida chaying. Bu muolaja milklarni mustahkamlab, qonashni to`xtatadi. Yana milklarni ko`rsatkich barmoq yordamida aylantirib, uqalash ham yaxshi natija beradi. Keyin milklarni yuqori-pastga qaratib, barmoqlar yordamida uqalash kerak. Tishlarni tez-tez bir-biriga urish, olma, sabzini qarsillatib chaynash ham tishlar uchun foydali.
Bir chimdim tuz va yarim choy qoshiq iste`mol sodasi va 4 dona faollashtirilgan ko`mir tabletkasini maydalang. Tishni yuvgandan keyin cho`tkaga aralashmadan soling-da, tishlarni yaxshilab tozalang. Aralashmani barmoq yordamida milklarga surtib, 5 daqiqadan keyin yuvib tashlang. Muolaja kuniga 2 mahal 2 hafta davomida amalga oshirilsa, milk qonashi va qimirlab qolishidan tez kunda halos bo`lasiz.
Yana bir nafi tegadigan usul archa ignasi yaxshilab yuvilib, 5 daqiqa davomida chaynaladi. Archa ignasi o`rniga bargizub bargini ozroq so`litib, chaynalsa ham xudi shunday ta`sir ko`rsatadi. Vodorod peroksid tindirmasi va achchiq tosh aralashmasida og`iz bo`shlig`i chayilsa, tish va milk muammolari hal bo`ladi.
Barno HOJIMIRZAEVA tayyorladi.
Manba: Darakchi.uz

(Visited 6 412 times, 1 visits today)
Rate article
DAVOLASH
error: Content is protected !!