Ichkilikbozlik uy sharoitida davolash usullari turlari kasalliklari haqida malumot

ichuvchilar

Ichkilikbozlik uy sharoitida davolash usullari turlari kasalliklari haqida malumot

Alkogolizm — ashaddiy ichkilikbozlik, ayrim kishilarning o’z salomatligi va mehnat qobiliyatiga, shuningdek, jamiyat farovonligiga zarar etkazadigan darajada, muntazam ravishda, me’yoridan ortiqspirtli ichimlik iste’mol qilishi.

Juda qadim zamonlardayoq odamlar biror marosim yoki hatto bir hodisa (masalan, oy to’lishi, ov o’ngidan kelishi) munosabati bilan to’planib, mast qiluvchi ichimlik ichishgan, deb taxmin qilinadi. Turli marosimlar, tantanalar, to’ylarda sharob ichish qadimdan rasm bo’lgan. Birgalashib ichish davradagi odamlarni ruhan birlashtirgan, ularning ko’nglini bir-biriga rom etib, «yaqinlik» ramzi bo’lib xizmat qilgan.

Jamiyatning ijtimoiy tuzilishi murakkablashib borgani sayin ichimlik ichish tobora xususiy tus olgan va shu bilan birga alkogolizmni keltirib chiqaruvchi omillar ko’payib borgan.

Alkogolizm odam organizmidagi hamma tizimlar va a’zolarga salbiy ta’sir ko’rsatadi. Ichuvchi odam o’zi ichayotgan ichimlik miqdorini bilmay, me’yorini yo’qotib qo’yadi, markaziy va periferik asab tizimi faoliyati buzilib (ruhiy kasalliklar, nevritlar va boshqa holatlar paydo bo’ladi), ichki a’zolar faoliyati izdan chiqadi.

Ichimlik iste’mol qilinganda (hatto biror tasodif bilan ichilganda ham) odam ruhiyatining o’zgarishi kmshini mastlik holida o’z joniga qasd qilishgacha olib boradi. Mastlik paytida odam muvozanatini yaxshi saqlay olmasligi, xayoli chalgib, atrofdagi voqea-hodisalarga aniq baho bera olmasligi oqibatida baxtsiz hodisalarga sabab bo’ladi.

Ichkilikning zaharli ta’siri moddalar almashinuvi, ayniqsa, darmondorilar almashinuvining buzilishi, asab tizimining zararlanishiga olib keladi. Surunkali alkogolizmda odam qo’l barmoqlari, til uchining titrab turishi, shuningdek, har kuni bajarib yurgan odatdagi ishini bajara olmay qolishiga sabab bo’lishi mumkin.

Ko’p ichadigan odamda ko’z xiralashib, ba’zan quloq ham og’irlashib qoladi. Ichkilikning me’daga ta’siri natijasida shu a’zoning barcha faoliyatlari buzilishi, surunkali alkogol gastriti paydo bo’lishi kuzatiladi. Ichkilik ayniqsa jigarga zararli ta’sir ko’rsatadi: odam muttasil ichaveradigan bo’lsa, jigar tsirrozi yuzaga keladi.

Alkogolizm me’da osti bezi yallig’lanishi, qand kasalligi, yurak sanchig’i va miokard infarkti, buyrak kasalliklariga ham sabab bo’ladi. Ichkilik ichki sekretsiya bezlari va birinchi galda jinsiy bezlarga zarar qiladi: ichkilik iste’mol qiladigan odamlarning 1G’3 qismida jinsiy faoliyat pasayib ketadi.

Doimiy ichib yurish kishini barvaqt qaritib, nogiron bo’lib qolishiga olib keladi. Ichkilikbozlik ko’pincha oilaning buzilib ketishiga ham sabab bo’ladi. Birinchidan, oilaning talaygina mablag’i ichkilikka sarflanadi, ikkinchidan, ichadigan odam faqat ish joyida obro’- e’tiborini boy beribgina qolmay, er-xotin orasiga sovuqlik tushib, beburd bo’lib qoladi. Faqat shugina emas.

Spirtli ichimliklarni iste’mol qilish odamning salomatligiga, oilaviy va ma’naviy dunyosiga putur etkazadi.
Bu haqda ming yil ilgari ham aytishgan, mayxo’rlar, badmastlarni ichkilikdan qaytishga, sog’lig’i, obro’sini o’ylashga da’vat etishgan. Hatto eng qadimgi asarlardan bo’lmish «Ming bir kecha»da mana bunday deyilgan: «Ey o’g’il, sen may ichishdan uzoq bo’lki, barcha yomonliklarning boshi shundandir.

Uni ichish aqlni ketkazadi, may ichuvchilar odamlar nazarida xoru zor bo’lishadi. Bu haqda shoir shunday deydi: «Dono mastlik qilmas, oqil may ichmas, oqil pastlik sari bormas».Chindan ham mayparast shunchaki obro’sidan ayrilib, sog’ligini barbod qilibgina qolmay, qizil moydan yuzi qaro bo’lib, o’z hayotini barbod qiladi.

Yuz qizil bo’lsin, deb ichishar sharob,
Undan yuz sarg’ayib, bo’ladi xarob.
deydi Sa’diy Sheroziy.

«Qutadg’u bilig» dostonining muallifi, atoqli davlat arbobi (XI asr) Yusuf Xos Hojib ichkilikning inson sha’ni uchun kushanda ekani haqida kuyinib, bunday deydi:

Ichkilik ichma, ey mayparast, bo’zaning quli,
May ichsang, senga gadolik yo’li ochiladi.
Mast bo’lgach, kishi telba, tentak bo’ladi,
Kimning himmati bo’lmasa, u o’likdir.

Mayning og’uligi, mayparastlar fojiasi, ularning jamiyat uchun keltiradigan zarari, ularni xatarli yo’ldan qaytarish haqida faqat donolar, shoirlar, fozilu olimlargina qayg’urib qolmay, xalq tabobati vakillari ham may inson salomatligining zavoli ekanini, ichkilik tarkibidagi alkogollarni dalillar bilan isbotlab, odamlarni bu balodan qutqarishning omillarini izlab topishib, davo usullarini rivojlantirishgan.

Bugungi kunda ilmiy tibbiyot bilan birga xalq tabobati ham ichkilikbozlikning oldini olish, mayxo’rlik tufayli og’ir va fojiali dardlarga chalingan kishilarni davolashdek og’ir amaliyot bilan shug’ullanib kelmoqda.

(Visited 2 500 times, 1 visits today)
Rate article
DAVOLASH