Gaymaritni uy sharoitida davolash
Hamma kasalliklar qatori gaymorit ham vaqtida davolashni talab etadi. Havo salqin kunlari shamollab qolish oqibatida yuzaga keladigan ushbu xastalik haqida Toshkent tibbiyot akademiyasi 2-klinikasi lor poliklinikasi lor shifokori Akmal Nosirxo’jaev batafsil ma’lumot berib o’tadi.
Kasallikning boshlanishi…
— Gaymorit kasalligi kuz-qish fasllarining mavsumiy kasalliklaridan biri hisoblanadi. Bosh, peshona hamda burun atrofidagi og’riq, burunning bitishi, burundan yiringli ajralmalar kelishi, holsizlik gaymoritning dastlabki belgilaridir. Doimiy tumov ta’sirida nafas olish qiyinlashadi, hid bilish pasayadi, tish og’rishi mumkin. Agar shu holatlar kuzatilganidan keyin ham davolash muolajalari boshlanmasa, ko’ngil aynishi, tana haroratining ko’tarilishi paydo bo’ladi. Ba’zida biz gaymoritni oddiy tumov deb o’ylab, antibiotiklar qabul qila boshlaymiz, ammo bu yordam bermaydi. Ushbu kasallikka chalinganda og’riq asta-sekin boshlanadi, ayniqsa, aksirganda va yo’talganda og’riq kuchayadi. Gaymorit ko’pincha burun bo’shlig’iga turli mikroorganizmlar kirishi natijasida ham yuzaga keladi. Masalan, gripp virusi, streptokokk, stafilokokk, diplokokk, ko’k yiring tayoqchalari, anaerob infektsiyalar va ichak tayoqchalari gaymoritni qo’zg’ashi mumkin.
«HECh QAChON GRIPP BILAN ADAShTIRMANG!»
Burundan suyuqlik ajralishi gripp kasalligida ham kuzatiladi. Lekin gripp vaqtida paydo bo’ladigani suvga o’xshash oq rangda bo’ladi. Gaymoritda esa burundan yiring aralash ajralma chiqadi. Gaymoritga chalingan bemorning qon tahlilida leykotsitlar miqdori oshgani seziladi. Shunday vaqtda zudlik bilan shifokorga murojaat etish lozim. Agar kechiktirmay davo choralari ko’rilsa, bemor butunlay tuzalib ketadi.
ASORATLARI…
Boshqa xastaliklar kabi gaymorit ham o’z vaqtida davolanmasa, og’ir asoratlar qoldirishi mumkin. Ya’ni gaymorit bilan og’rib o’tgandan keyin ba’zida miya faoliyatida o’zgarishlar kuzatiladi. Ko’p hollarda gaymoritdan yaxshi davolanmagan bemorlarda meningit (bosh va orqa miya qobig’ining yallig’lanishi) yuzaga kelishi mumkin. Shuningdek, kasallikdan so’ng araxnoidit (bosh yoki orqa miyadagi o’rgimchak to’riga o’xshash pardaning yallig’lanishi) va rinogen ko’z kasalliklari ro’y beradi. Gaymorit asoratlari yuzaga kelmasligi uchun bemor qunt bilan davolanishi shart.
PROFILAKTIKASI
Sport bilan shug’ullanish organizmni chiniqtiradi va immunitetni oshiradi. Masalan, suzish, yugurish, tennis, gimnastika bilan shug’ullanish insonda gaymoritga chalinish ehtimolini kamaytiradi.
QANDAY DAVOLASh MUMKIN?
Gaymoritning boshlang’ich davrida 7-8 kun ichida davolanish kerak. Bordi-yu bemor kasallik boshlanganidan ancha keyin davolansa, muolaja uzoq muddat talab etadi. Har ikki holatda ham bemor shifokor nazoratida bo’lishi lozim. O’z vaqtida shifokorga murojaat qilmaslik yoki to’la davolanmaslik gaymoritni zo’raytiradi va boshqa asoratlarning paydo bo’lishiga olib keladi. Shu sababli burun sohasida biror muammosi bor inson, albatta, lor huzuriga borishi lozim. Bundan tashqari, nam soch bilan ko’chaga chiqmaslik, cho’milgandan so’ng engil kiyinmaslik, oyoqni issiq tutish muhim sanaladi.
Yaxshisi, gaymorit boshlanishida dori ichishga shoshilmaganingiz ma’qul. Chunki uy sharoitida bir necha xil muolajalar ham yordam berishi mumkin.
UY ShAROITIDA DAVOLASh
Suvda ikkita tuxumni qaynatib pishiring, issiq holida burunning har ikkala yon sohalarida qo’l yordamida dumalating. Bu muolajani tuxumlar soviguncha davom ettiring. Muolajani kuniga 2 marta bajarishingiz mumkin.
Qizigan tovaga 2-3 qoshiq guruch yoki bug’doy solib, yaxshilab aralashtiring. Donlar isigach ikki qavatli surp xaltachaga solib, gaymor bo’shlig’i (yuqori jag’ bo’shlig’i) ustiga qo’yib turing. Buni kuniga 2-3 marta davom ettiring.
Bir dona kartoshkani po’sti bilan suvda pishirib oling-da, issiq holda burun atrofiga qo’ying. Burun terisi kuyib qizarmasligi uchun kartoshkani uzoq vaqt bosmay, engilgina dumalatganingiz ma’qul.
Yana bir usul: moychechak, yalpiz va rayhonning quritilganidan bir osh qoshiqdan olib, bir stakan suvda besh daqiqa qaynating. So’ng boshingizga katta sochiq yopib, qaynatmani qayta-qayta hidlang. Burun shilliq qavati kuymaslik uchun juda tez nafas olmang. Muolaja vaqti o’n daqiqadan oshmasin.
Oddiy tumov ham uzoq davom etsa, gaymoritga aylanib ketishi mumkin. Shuning uchun har qanday shamollashni tezroq davolashga shoshilish kerak. Qish kunlarida sovuq suv ichmaslik va sovqotishdan saqlanish lozim.
GAYMORIT YoShLAR KASALLIGIMI?
Afsuski, gaymoritga, asosan, talaba va o’quvchi yoshlar chalinadi. Bunga sabab ko’pchilik ertalab o’qishga otlanishdan oldin boshini yuvadi va yaxshi quritmay, ko’chaga chiqadi. Bu esa bosh sohasining shamollashiga sabab bo’ladi. Bunday e’tiborsizlik oqibatida gaymorit kasalligi yuzaga kelishi tabiiy. Umuman, gaymorit tez-tez shamollaydigan kishilar orasida ko’p uchraydi. Burun suyagi qiyshiqroq kishilarda yo tomoq va quloq sohasida surunkali shamollash bo’lganda ham (yondosh organ bo’lgani uchun) gaymorit kasalligiga chalinish holatlari kuzatiladi.
TUMOV GAYMORITGA AYLANIShI MUMKIN
Ma’lumki, oddiy tumovda ham xuddi gaymoritdagi kabi burun bitadi, burundan suv oqadi, ammo burundan suyuq, ko’kimtir ajralma keladi. Gaymoritda esa burun bitishi barobarida qon aralash yiringli suyuqlik keladi. Bosh, peshona, burun, ko’z atrofida kuchli og’riq paydo bo’ladi. Kichik yoshdagi bolalarda gaymor bo’shlig’i rivojlanmagan, shuning uchun bola tumov bo’lganda o’z vaqtida chora ko’rilmasa, bu etmeydit kasalligiga olib keladi. Etmeydit boshlanishida burun ildizi oldida va ko’z kosasi ichki chekkasida va boshda og’riq paydo bo’ladi. Bola injiqlanadi, ishtahasi yo’qoladi, holsizlanadi, tana harorati ko’tariladi. Agar farzandingizda ham shunday holat paydo bo’layotganini sezsangiz, darhol lorga murojaat qilishingiz lozim.